Qozog‘iston sun’iy intellektni iqtisodiy o‘sish dvigateliga aylantirmoqchi. Euronews xabariga ko‘ra, Ostonada o‘tgan AI & Digital Bridge forumida hukumat vakillari, texnologiya kompaniyalari va investorlar qatnashdi. Forum 25 mingga yaqin tashrif buyuruvchini, 300 ta spikerni jalb qildi va 62 ta memorandum imzolandi.
Prezident Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellektning asosiy qiymati «inson imkoniyatlarini kengaytirishda» ekanini aytdi. Raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat sun’iy intellekt iqtisodiyotining besh qatlamini — energetika va chiplardan tortib bulut, til modellari va ilovalargacha — qurmoqda. Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti o‘tgan yili 860 million yevrodan oshgan. Sanoat ishlab chiqarishi yilning dastlabki sakkiz oyida deyarli 90 milliard yevroga yetgan, ishlov beruvchi sanoat esa 8,4 foizga o‘sgan.
Forumda Markaziy Osiyodagi birinchi sun’iy intellekt universiteti — Qazaq AI Research University taqdim etildi; u 1-sentyabrdan 528 bakalavr va magistr talabasini qabul qilgan. MIT tadqiqotchilari esa mintaqada mikrochiplar yetishmasligi va elektr energiyasi tanqisligini asosiy cheklovlar deb atadi.
