Toshkent viloyati SSB bog‘chalarda ko‘z kasalligi tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etdi

21.11.2026, 21:00 · 14 marta o‘qilgan
Bolalar oftalmologi ko'rigi
Foto: Navy Medicine from Washington, DC, USA / Wikimedia Commons, No restrictions

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar o‘rtasida ko‘z kasalligi tarqalayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 10-noyabr kuni Parkent tumanining Qoraqalpoq qishlog‘ida yashovchi, 2022-yilda tug‘ilgan bola hududdagi 3-sonli bog‘chaga ko‘z kasalligi alomatlari bilan kelgan. Muassasa ma’muriyati bolani bog‘chaga kiritmagan va uni shifokor ko‘rigiga yuborgan.

Tuman oftalmologi ko‘rigidan so‘ng bolaga “aniqlanmagan o‘tkir kon’yunktivit”, ya’ni ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi tashxisi qo‘yilib, davolash muolajalari belgilangan. Oilaning katta farzandi va otasida ham shunday alomatlar aniqlangan, ularga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, bog‘chadagi boshqa tarbiyalanuvchilarda kasallik alomatlari kuzatilmagan va bunday shikoyat bilan murojaat qilgan boshqa bemorlar qayd etilmagan.

SSB ota-onalarni farzandlari salomatligiga e’tiborli bo‘lishga, ko‘zda qizarish, yoshlanish va ajralma kelishi kabi alomatlar kuzatilganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishga chaqirdi. Kon’yunktivit yuqumli bo‘lishi mumkin, shu sababli kasal bolani shifokor ruxsatisiz jamoaga olib bormaslik tavsiya etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling