Disney kompaniyasiga qarashli 20th Century Studios’da “Uyda yolg‘iz” (Home Alone) filmining yangi qismi ustida ish boshlandi. Unda Kevin Makkallister rolini 36 yil avval ijro etgan Makoley Kalkinning o‘zi yana shu rolga qaytadi. Bu haqda birinchi bo‘lib Puck nashri sharhlovchisi Mett Belloni xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha hozircha dastlabki bosqichda. Film ssenariysini Kalkin bilan birgalikda aktyor va rejissyor Set Rogen hamda uning doimiy hammuallifi Evan Goldberg yozadi. Ular filmni o‘zlarining Point Grey kompaniyasi orqali prodyuserlik ham qiladi. Rogen va Goldberg bu yil Disney uchun “Muppetlar” franshizasini qayta ishga tushirgan edi. Variety ma’lumotiga ko‘ra, film syujeti va boshqa aktyorlar hozircha sir saqlanmoqda, Disney esa izoh berishdan bosh tortgan.
Biroq “Uyda yolg‘iz” ustidagi ish darhol boshlanmaydi. Rogen va Goldberg avval Universal studiyasi uchun o‘zlari rejissyorlik qilmoqchi bo‘lgan yangi qo‘rqinchli komediya filmini tayyorlashni yakunlashi kerak. Shu bois yangi film qachon suratga olinishi va ekranlarga chiqishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Loyiha Kalkinning o‘z tashabbusi bilan boshlangan. 2025-yil oxirida u o‘zining “A Nostalgic Night with Macaulay Culkin” turnesi chog‘ida Kevin roliga qaytishga qarshi emasligini, faqat hammasi “to‘g‘ri” bo‘lishi kerakligini aytgan edi. U hatto yangi film g‘oyasini ham taklif qilgan: unda katta yoshli Kevin endi o‘zi ota bo‘ladi, uyiga kira olmay qoladi, unga tuzoqlar qo‘yayotgan esa o‘z o‘g‘li bo‘ladi. 2026-yil yozida Kalkin bu g‘oyani Disney kinostudiyasi rahbari Devid Grinbaumga taqdim etgani xabar qilingan edi.
Kris Kolumbus rejissyorligidagi ilk “Uyda yolg‘iz” filmi 1990-yilda ekranlarga chiqqan va butun dunyoda katta muvaffaqiyat qozongan. Kalkin 1992-yilda “Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda adashib qolgan” filmida ham suratga tushgan. Ikki film birgalikda kassada 836 mln dollardan ortiq daromad keltirgan. Keyingi qismlar Kalkinsiz suratga olingan, eng so‘nggisi — “Home Sweet Home Alone” 2021-yilda Disney+ platformasida chiqqan.
Yaqinda Kalkin McDonald’s kompaniyasining Rojdestvo mavzusidagi reklamasida katta yoshli Kevin qiyofasida paydo bo‘lgan edi. Bu reklama ham yangi film haqidagi mish-mishlarni yanada kuchaytirgan.
