O‘zbekistonda 2030-yilgacha velosport bilan shug‘ullanuvchilar soni 30 ming nafarga yetkaziladi

21.11.2026, 20:30 · 15 marta o‘qilgan
Velopoyga
Foto: Fukumoto / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

O‘zbekistonda velosportni ommaviylashtirish va professional darajada rivojlantirish, sportchilar hamda trenerlar sonini oshirish, milliy terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 11-noyabrdagi qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha velosport bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar soni 30 ming nafarga yetkaziladi, ulardan 5 ming nafari muntazam shug‘ullanishi, trenerlar soni esa 350 nafarga yetishi kerak. Milliy terma jamoaning Osiyodagi eng kuchli uchta jamoa qatoriga kirishi maqsad qilingan.

Har bir hududda velosportning muayyan yo‘nalishiga ixtisoslashgan tuman yoki shahar belgilandi. Shosse velosporti Nukus shahri, Andijon tumani, Sirdaryoning Xovos tumani va Xorazmning Gurlan tumanida rivojlantiriladi. Trek velosporti Namanganning Davlatobod tumani va Toshkentning Olmazor tumanida, tog‘ velosporti esa Shahrisabz, Sariosiyo va Bo‘stonliq tumanlarida yo‘lga qo‘yiladi.

BMX Racing yo‘nalishi Buxoro va Jizzax shaharlarida, BMX Freestyle esa Navoiy va Farg‘ona shaharlarida rivojlantiriladi. Paravelosport markazi Samarqand shahri bo‘ladi.

2027-yil martidan Toshkent shahar hokimligi zarur infratuzilmaga ega poytaxt maktablarini bosqichma-bosqich velosipedlar bilan ta’minlay boshlaydi. Bu tajribadan maqsad ko‘proq o‘quvchini velosportga jalb etish va iqtidorli yosh sportchilarni aniqlashdir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling