Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida Kumushkon qo‘rg‘onidagi «Oltin bel» sayyohlik majmuasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Umumiy maydoni 47 gektar bo’lgan majmua to’rtta besh qavatli mehmonxona va shale uslubida qurilgan, har biri alohida basseynga ega 51 ta bir va ikki qavatli dam olish uyini o’z ichiga oladi. Uning qurilishiga qariyb 700 mlrd so’m investitsiya yo’naltirilgan. Mehmonxonalarni bu sohada 46 yillik tajribaga ega Turkiyaning Elite World kompaniyasi boshqaradi.
Majmua hududida 350 va 700 o’rinli restoranlar, uch qavatli fud-kort, savdo nuqtalari, ochiq va yopiq sport inshootlari hamda maydoni 2,2 ming kvadrat metr bo’lgan akvapark bor. Shuningdek, 14 turdagi attraksion, uzunligi 650 metrlik ziplayn, gravitatsion karting trassalari, rodelban, 800 o’rinli amfiteatr, sun’iy ko’l va hayvonot bog’i barpo etilgan.
Majmua to’liq foydalanishga topshirilgach, 600 ta yangi ish o’rni yaratiladi. U kuniga 6 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat ko’rsata oladi, yillik daromad esa 200 mlrd so’mga yetishi kutilmoqda. Hududda mehmonxona va restoran xizmati ko’rsatish bo’yicha mashg’ulotlar o’tkaziladigan o’quv markazi ham tashkil etilgan.
Prezident shu kuni Toshkentdan Parkentga sentabrda ishga tushirilgan elektrlashtirilgan temir yo’l orqali, elektropoyezdda borgan. 57,6 km uzunlikdagi bu yo’nalishda poyezd Toshkentdan Parkentgacha bo’lgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib o’tadi, yo’l haqi esa 10 ming so’m etib belgilangan.
