O‘zbekiston temir yo‘llarini kengaytirish uchun 8 mlrd dollar investitsiya jalb qiladi
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi bu yo‘nalishdagi yuk tashish hajmini o‘n baravar oshirib, yiliga 15–16 mln tonnaga yetkazishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan temir yo‘l infratuzilmasini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 8 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Prezident matbuot kotibiga tayanib Trend agentligi.
Masala 27-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Qayd etilishicha, hozirda temir yo‘l tarmog‘ining qariyb 25 foizi to‘liq quvvat bilan ishlamoqda, yana 15 foizi esa ortiqcha yuklangan.
2030-yilgacha 545 kilometr yangi temir yo‘l liniyalari qurilishi, elektrlashtirilgan yo‘llar ulushi 65 foizga yetkazilishi va elektropoyezdlar soni 31 taga ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.
2027-yilda Angren — Pop liniyasi modernizatsiya qilinadi, bu yerda ikkinchi yo‘l qurish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Aprel oyidan Toshkent — Angren yo‘nalishida ikkinchi yo‘l qurilishi boshlanadi. Shuningdek, To‘xtag‘uzar — Qumqo‘rg‘on liniyasini modernizatsiya qilish yakunlanadi, Andijon — Xonobod va Qumqo‘rg‘on — Qo‘duqli liniyalari to‘liq elektrlashtiriladi, Toshkent va Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Davlatimiz rahbari xalqaro moliya institutlari va investorlarni umumiy qiymati qariyb 8 mlrd dollar bo‘lgan ushbu loyihalarda ishtirok etishga chaqirdi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markaziga aylanishida muhim omil bo‘ladi.
