O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 19 foizga oshdi
2026-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 660 392 taga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foiz yoki 105 476 taga ko‘p, deb xabar beradi Milliy statistika qo‘mitasiga tayanib Daryo.
Yanvar — oktyabr oylarida mamlakatda 75 699 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Bu tadbirkorlik muhitining izchil yaxshilanayotganidan dalolat beradi.
Faoliyat yuritayotgan korxonalarning 489 100 tasi yoki 74,1 foizi kichik korxonalar va mikrofirmalar hisoblanadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p korxona Toshkent shahrida — umumiy sonning 18,8 foizi joylashgan. Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati (9,6 foiz) turibdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari soddalashtirildi, tadbirkorlarga soliq va moliyaviy imtiyozlar berilmoqda. Bu esa xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini oshirishga xizmat qilmoqda.
