Yevroosiyo taraqqiyot banki 2026-yilda O‘zbekistonda xususiy sektor uchun 200 mln dollarlik moliyalashtirishni imzoladi
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) 2026-yilda O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun 200 mln dollarlik kelishuvlarni imzoladi va yil oxirigacha bu summani 300 mln dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bank ma’lumotiga tayanib Trend agentligi xabar berdi.
Bu haqda YeTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov o‘rtasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilindi. Bank umumiy investitsiya qiymati 1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 10 ta potensial loyihani ko‘rib chiqmoqda, O‘zbekiston eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun 200 mln dollargacha mablag‘ ajratish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Podguzovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston YeTBning uchinchi yirik aksiyadori hisoblanadi. Bank 2027-yilda kamida 500 mln dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni, 2031-yilga borib esa O‘zbekistondagi portfelini qariyb 3 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Tashrif davomida bank Yangi Toshkent shahri infratuzilmasiga 100 mln dollargacha investitsiya kiritish, Jizzax viloyatidagi gibrid va elektromobillar yig‘ish zavodi loyihasiga 75 mln dollargacha hamda neft mahsulotlarini tashish uchun 2 683 ta temir yo‘l sisternasini xarid qilishga 60 mln dollargacha mablag‘ ajratish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, vazirlikning sun’iy intellekt klasteri loyihasi bo‘yicha memorandum hamda “O‘zbekiston aeroportlari” AJ va Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
