O‘zbekiston Xitoy va Turkiya hamkorlari bilan turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha memorandumlar imzoladi
27-noyabr kuni Toshkentdagi CAEx ko‘rgazmalar markazida “Ipak yo‘lida turizm” shiori ostida 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Yarmarka doirasida O‘zbekiston Xitoy va Turkiya hamkorlari bilan turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlarini imzoladi, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasiga tayanib Trend agentligi.
Hujjatlar Xitoy turizm assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Chjan Syaoli hamda Arup kompaniyasining Osiyo faoliyatiga mas’ul Turkiya bo‘limi vakili Tulay Hatirnaz bilan imzolandi.
Memorandumlar turistik manzillarni kompleks rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos bosh rejalar ishlab chiqish, xalqaro ekspert va investorlarni jalb qilish hamda turizm infratuzilmasi loyihalari uchun grant mablag‘lari va texnik ko‘mak olishni nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillarining Xitoy va Turkiyaga ish tashriflari, mutaxassislarni kasbiy tayyorlash hamda turizmni rejalashtirish va infratuzilma sohasidagi tajriba almashish ham rejalashtirilgan.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi sayyohlik mahsulotlarini targ‘ib qilish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish maydoni sifatida xizmat qiladi. Unda turizm sohasi vakillari, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillari ishtirok etdi.
