O‘zbekiston aviaparkini 2030-yilgacha 250 ta samolyotga yetkazadi: aviakompaniyalarga yangi imtiyozlar beriladi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha aviakompaniyalarning samolyotlar parki kamida 250 taga, 2027-yilda esa 150 taga yetkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deb xabar beradi Trend agentligi.
Maqsadga erishish uchun mahalliy aviakompaniyalarga soliq imtiyozlari beriladi. Kelgusi yildan aviayoqilg‘i narxi jahon bozoridagi o‘rtacha narxga bog‘lanadi, u aksiz solig‘idan ozod qilinib, unga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llaniladi. Samolyot ehtiyot qismlari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilish muddati 2040-yilgacha uzaytiriladi.
Samolyotlar, dvigatellar va boshqa qismlarni lizingga olishga QQSning nol stavkasi joriy etiladi. Rezident aviakompaniyalar import qilingan ehtiyot qismlar bo‘yicha QQSni bir kun ichida qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga olish majburiyatini olgan aviakompaniyalar uchun yollangan xorijiy mutaxassislar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi, ish ruxsatnomasi uchun to‘lovlar esa 30 baravar kamaytiriladi. Xalqaro aeroportlar 2030-yilgacha mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi, bunda tejalgan mablag‘ aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari Yangi Toshkentda 20 gektar maydonda O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etishni taklif qildi. Unda kampus, o‘quv va simulyatsiya majmualari hamda ilmiy markazlar barpo etiladi.
