BMT: urushlar tufayli yana 7,3 mln kishiga oziq-ovqat yordami xavf ostida
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Lyuk Lindberg 23-noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashida so‘zga chiqib, Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlar bilan bog‘liq dengiz yo‘llaridagi uzilishlar tashkilot xarajatlarini 2027-yil o‘rtalariga qadar 727 mln dollarga oshirishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu esa yana 7,3 mln kishiga ko‘rsatiladigan oziq-ovqat yordamini xavf ostiga qo‘yadi, deb yozadi Al Jazeera.
Lindbergning so‘zlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi, Bob-al-Mandab bo‘g‘ozi va Qora dengizdagi “uchlik tiqilinch” oziq-ovqat eksporti va qishloq xo‘jaligi uchun zarur resurslar ta’minotini keskin qisqartirgan. Dunyodagi o‘g‘itlarning qariyb 30 foizi Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi, shu sababli cheklovlar oziq-ovqat va transport narxlarining oshishiga olib kelmoqda.
WFP rahbari dunyoda allaqachon 266 mln kishi o‘tkir ochlikka duch kelayotganini, Sudan, Janubiy Sudan va Somalining ayrim hududlarida esa ocharchilik xavfi borligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiya omborlarida 44 mln kishini boqishga yetadigan qariyb 10 mln tonna bug‘doy bozorga yetib bormasligi mumkin.
“Bu aql bovar qilmaydigan ssenariy va u eng yomon paytda yuz bermoqda”, — dedi Lindberg. U diplomatlarni 2022–2023-yillarda amal qilgan BMT vositachiligidagi Qora dengiz don tashabbusiga o‘xshash yangi gumanitar yo‘lak yaratish ustida ishlashga chaqirdi. Uning fikricha, muammo siyosiy xususiyatga ega, chunki don mavjud, lekin muhtojlarga yetib bormayapti.
Lyuk Lindberg sentabr oyida dunyodagi eng yirik gumanitar tashkilot — Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari etib tayinlangan. Ilgari u AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligida faoliyat yuritgan. WFP har yili 100 dan ortiq mamlakatda o‘n millionlab kishiga oziq-ovqat yordami ko‘rsatadi.
