Armaniston bosh vaziri yangi Konstitutsiya loyihasini e’lon qildi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasini e’lon qildi. Loyiha maxsus saytga joylashtirildi, unda har bir fuqaro hujjat matni bilan tanishib, o‘z takliflarini yuborishi mumkin.
Yangi loyihada 1990-yilgi Mustaqillik deklaratsiyasiga havola mavjud emas. Deklaratsiya muqaddimasida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning “Qayta birlashish to‘g‘risida”gi qarori tilga olingan edi. Ushbu havolani chiqarib tashlash Ozarbayjon tinchlik shartnomasini tuzish uchun qo‘ygan shartlardan biri bo‘lgan.
Konstitutsiya loyihasini referendumga qo‘yish uchun parlamentda kamida 70 nafar deputat ovozi kerak. Hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi 105 o‘rinli parlamentda 64 ta o‘ringa ega. Shu sababli Pashinyan 20-noyabr kuni muxolifat deputatlarini referendum uchun zarur qo‘llab-quvvatlovni berishga chaqirdi.
Bosh vazir, agar saylovchilar yangi Konstitutsiyaga qarshi ovoz bersa, bir hafta ichida iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Hujjat qabul qilingan taqdirda esa 2031-yilda yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymaslikka va’da berdi.
Muxolifat vakillari loyihaga qarshi chiqmoqda. Yangi Konstitutsiya masalasi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonining muhim bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.
