Tojikiston Xalqaro jinoyat sudidan chiqishi haqida BMTni rasman xabardor qildi
Tojikiston BMTni Xalqaro jinoyat sudidan (XJS) chiqishi haqida rasman xabardor qildi. Bu haqda Rim statuti depozitariysi sifatida faoliyat yurituvchi BMT Bosh kotibining xabarnomasida ma’lum qilindi.
Tojikistonning murojaati 2026-yil 20-noyabrda kelib tushgan. Rim statutining 127-moddasiga muvofiq, chiqish to‘g‘risidagi qaror xabarnoma olinganidan bir yil o‘tib — 2027-yil 20-noyabrda kuchga kiradi.
Tojikiston Rim statutini 1998-yil 30-noyabrda imzolagan va 2000-yil 5-mayda ratifikatsiya qilgan. 2026-yil sentabrida mamlakat parlamenti XJSdan chiqish masalasini muhokama qilgan, oktabrda esa quyi palata Rim statutining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan.
Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Idibek Qalandar qarorni Xalqaro jinoyat sudi faoliyatining tobora siyosiylashib borayotgani bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tanlab yondashuv sudning mustaqil organ sifatidagi maqomiga putur yetkazadi.
Xalqaro jinoyat sudi 2002-yilda Rim statuti asosida tashkil etilgan bo‘lib, genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni ko‘radi. Sudning qarorgohi Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan.
