Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi va Yevroosiyo taraqqiyot banki davlat xizmatchilarini investitsiya loyihalariga o‘qitadi
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi 24-noyabr kuni hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat davlat xizmatchilarining investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, tuzish va moliyalashtirish bo‘yicha malakasini oshirishga qaratilgan, deb xabar beradi Trend agentligi.
Memorandumni bank delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida YeTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va akademiya rektori Jasur Salixov imzoladi. Hamkorlik doirasida YeTB ekspertlari ishtirokida davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, akademiya magistrantlari uchun investitsiya loyihalarini tayyorlash, tuzish va moliyalashtirish mexanizmlarini tanlash bo‘yicha maxsus kurs joriy etiladi. Akademiya professor-o‘qituvchilari va boshqa hududiy davlat boshqaruvi akademiyalari xodimlari uchun murabbiylarni tayyorlash dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi. Talaba va o‘qituvchilar YeTBning maxsus ta’lim tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik o‘quv jarayoniga xalqaro tajriba va investitsiya loyihalari bo‘yicha amaliy bilimlarni joriy etish imkonini beradi”, — dedi akademiya rektori Jasur Salixov.
Akademiyaning ustuvor vazifalari Prezidentning 2025-yil 5-maydagi farmoni bilan belgilangan. Akademiyada magistratura dasturlari orqali kelajakdagi rahbar kadrlar tayyorlanadi, qayta tayyorlash dasturlari esa vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun mo‘ljallangan. Hamkorlik O‘zbekiston va YeTBga a’zo boshqa mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
