Kanada elchisi Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi: ta’lim va ilm-fanda hamkorlik kengayadi
20-noyabr kuni Kanadaning Markaziy Osiyodagi elchisi Kristofer Daggan boshchiligidagi delegatsiya Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga (KIUT) tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Kanadaning katta savdo komissari Jud Pekora ham bor edi.
Universitet rektori, professor Akmal Allakuliyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va biznes sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Kanadaning Saint Mary’s University, Simon Fraser University va York University kabi nufuzli oliygohlari bilan akademik aloqalarni rivojlantirish, Kanadadan professor-o‘qituvchilarni jalb etish, qo‘shma ta’lim dasturlari va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, sun’iy intellekt va “yashil” energetika yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro grant loyihalarida hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, universitetning Kimyo Business School negizida ikki mamlakat ishbilarmonlari uchrashuvlarini tashkil etish taklif qilindi.
