Daniya parlamenti Grenlandiya bo‘yicha AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik kelishuvini ratifikatsiya qildi
Daniya parlamenti — Folketing AQSh bilan Grenlandiyani qamrab oluvchi xavfsizlik kelishuvini bir ovozdan ratifikatsiya qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, bitimni 109 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, qarshi ovoz berganlar bo‘lmagan.
AQSh, Daniya va Grenlandiya ushbu kelishuvni sentabr oyida imzolagan edi. Bitim AQSh prezidenti Donald Tramp 57 ming aholi yashaydigan, Daniyaning o‘zini o‘zi boshqaruvchi hududi bo‘lgan va foydali qazilmalarga boy orolni nazoratga olish haqida bir necha bor bayonot berganidan so‘ng yuzaga kelgan keskinlikni bartaraf etishga qaratilgan.
Kelishuv AQSh Senatida ovozga qo‘yilishi shart emas. Kopengagendagi ovoz berishdan so‘ng Daniya Tashqi ishlar vazirligi AQShga ichki tartib-taomillar yakunlangani haqida diplomatik nota yuboradi va shundan keyin ushbu ijroiya bitimi kuchga kiradi.
Hujjat Daniya suvereniteti va grenlandiyaliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini yana bir bor tasdiqlagan holda, AQShning Grenlandiyadagi harbiy rolini kengaytiradi. Jumladan, u orolda “Oltin gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimini o‘rnatishga ruxsat beradi. Grenlandiya parlamenti ham kelishuvni shu oyda ratifikatsiya qilgan. O‘tgan hafta hujjat Daniya parlamentida birinchi o‘qishda barcha partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va deputatlar bitim vaziyatni normallashtirishidan mamnunlik bildirgan edi.
Grenlandiya masalasi yanvar oyida NATO ichida diplomatik keskinlikni keltirib chiqargan va Daniya hamda Grenlandiyani bir necha oy davom etgan jadal muzokaralarga undagan edi. Yevropadan Shimoliy Amerikaga eng qisqa yo‘l strategik jihatdan muhim joylashuvga ega, dunyodagi eng katta orol — Grenlandiya orqali o‘tadi. Orolda AQShning eng shimoliy harbiy bazasi — Pituffik kosmik bazasi joylashgan.
