Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 12 mingdan oshdi
Kongo Demokratik Respublikasi hukumati 26-noyabr kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda Ebola virusi bilan kasallanishning 12 021 ta tasdiqlangan holati va 5 904 ta o‘lim holati qayd etilgan. Bu haqda AP va CBC’ga tayanib 10 Things xabar bermoqda.
Epidemiya may oyida Ituri provinsiyasida boshlangan va mamlakatdagi 26 ta provinsiyadan sakkiztasiga tarqalgan. Bu uni tarixdagi eng tez tarqalayotgan Ebola epidemiyalaridan biriga aylantirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mas’uli doktor Katrin Smolvudning aytishicha, hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasidagi qayta boshlangan janglar epidemiyaga qarshi kurashga to‘sqinlik qilmoqda. Tibbiyot guruhlari ayrim hududlarga yetib bora olmayapti, bemor bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash ishlari izdan chiqmoqda, davolash markazlarida esa xodimlar yetishmayapti.
Epidemiyani Bundibugyo shtammi keltirib chiqargan, unga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina yoki davo yo‘q. Kasallik holatlari besh mamlakatda aniqlangan, biroq faol tarqalish faqat Kongoda kuzatilmoqda. Yangi yuqish holatlarining atigi 15 foizi ma’lum bo‘lgan kontaktlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Ebola — og‘ir kechadigan va o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan virusli kasallik bo‘lib, bemorning tana suyuqliklari orqali yuqadi.
