FlyKhiva 2027-yil apreldan Toshkent — Vena yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochadi
O‘zbekistonning FlyKhiva aviakompaniyasi 2027-yil 2-apreldan Toshkent va Avstriya poytaxti Vena o‘rtasida muntazam yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda aviakompaniya bosh direktori Dilshod Xodjayev ma’lum qilgani haqida “Tashkent Today” kanali xabar berdi.
Reyslar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Toshkentdan Venaga parvoz 5 soat 10 daqiqa, qaytish reysi esa 6 soat 35 daqiqa davom etadi.
Hozirgi paytda bu yo‘nalishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud emas. Markaziy Osiyodan Avstriyaga borish uchun yo‘lovchilar Turkiya, Ozarbayjon yoki Yaqin Sharq davlatlari orqali qo‘nib o‘tishga majbur bo‘lmoqda, bunda safar 11 soatdan 15 soatgacha vaqt oladi. Yangi reys yo‘l vaqtini qariyb ikki baravar qisqartiradi.
FlyKhiva 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Toshkentda joylashgan. Aviakompaniya so‘nggi oylarda o‘z yo‘nalishlar tarmog‘ini izchil kengaytirmoqda, yaqinda u yuk tashish reyslarini ham boshlagan.
Vena bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi turizm, biznes va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u Yevropadan O‘zbekistonga keladigan sayyohlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aviatsiya sohasini rivojlantirish va xalqaro yo‘nalishlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
