O‘zbekistonda O‘RVI bilan kasallanish epidemik chegaradan 38,4 foiz past
O‘zbekistonda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) bilan kasallanish darajasi epidemik chegaradan 38,4 foiz past. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qilgani haqida “Tashkent Today” kanali xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat har kuni monitoring qilinmoqda, hududlarda tezkor shtablar tashkil etilgan. Butun mamlakat bo‘yicha 165 ta tuman tibbiyot birlashmasidagi 40 ga yaqin yuqumli kasalliklar shifoxonasi va bo‘limlari bemorlarni qabul qilishga tayyor.
Asosiy muassasalar qatorida Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkentdagi beshta yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda 15 ta virusologiya laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda.
Emlashda ustuvor guruhlar sifatida 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksalar va homilador ayollar belgilangan. Tez tibbiy yordamni 1 721 ta stansiyadagi 2 932 ta brigada ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar sovuq mavsumda qo‘llarni tez-tez yuvish, xonalarni shamollatish, kasallik alomatlari paydo bo‘lganda uyda qolish va o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishni tavsiya etadi.
