AQSh 14 ta iqtisodiyotga yangi bojlar joriy etmoqchi: savdo hamkorlari e’tiroz bildirmoqda
AQSh jahon yalpi mahsulotining qariyb yarmini ishlab chiqaradigan 14 ta iqtisodiyotga yangi bojlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Bojlar ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari bo‘yicha savdo qonunining 301-bo‘limi asosida o‘tkazilgan tekshiruvga asoslanadi, deb xabar beradi AP va Financial Times’ga tayanib 10 Things.
Yangi bojlar AQSh Oliy sudi fevral oyida bekor qilgan tariflarni tiklashga qaratilgan. AQSh savdo vakili Jeymison Grir maqsadli mamlakatlarning ishlab chiqarish amaliyoti Amerika savdosiga adolatsiz yuk bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
20 foizlik, keyinchalik 40 foizgacha oshishi mumkin bo‘lgan bojga duch kelayotgan Xitoy ortiqcha ishlab chiqarish haqidagi da’volarni rad etib, javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi. Yaponiya, Singapur, Malayziya va Yevropa Ittifoqi ham tekshiruv xulosalariga e’tiroz bildirdi.
Taklif etilayotgan stavkalarning aksariyati amaldagi savdo bitimlariga mos keladi. Biroq 2027-yil 10-yanvargacha uzaytirilgan AQSh — Xitoy savdo sulhiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar muzokaralar natija bermasa, Vyetnam va Hindiston ham yuqori bojlarga duch kelishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, yirik iqtisodiyotlar o‘rtasidagi savdo keskinligi jahon savdosi va global ta’minot zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
