O‘zbekiston va Buyuk Britaniya mavsumiy ishga yuborilayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishni muhokama qildi
O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbariyati 23-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlari agentligi (Fair Work Agency) vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarini Buyuk Britaniyada uyushgan tarzda mavsumiy ishga joylashtirish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 14 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishga yuborilgan. Navbatdagi mavsum oldidan britaniyalik operatorlar nomzodlarni saralash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda britaniyalik tomon mavsumiy ishchilarni yollashda operatorlarning litsenziya talablariga rioya qilishini nazorat qilish mexanizmlari hamda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston tomoni esa nomzodlarni jo‘nab ketishdan oldin Buyuk Britaniya mehnat qonunchiligi, mehnat shartnomasi shartlari va mamlakatda ishlash hamda yashash qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etishni taklif qildi.
Shuningdek, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirishda litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari rolini bosqichma-bosqich kengaytirish taklif etildi. Britaniya tomonining ta’kidlashicha, qaysi mamlakatlardan va qanday tartibda ishchi yollashni operatorlarning o‘zi hal qiladi, taklif etilgan mexanizm esa qo‘shimcha o‘rganishni talab etadi.
Tomonlar hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning yangilangan loyihasini ko‘rib chiqib, uni imzolashga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Britaniya tomoni ingliz tilini biladigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni Britaniya kompaniyalariga ishga joylashtirish bo‘yicha taklifni tegishli idoralarga yetkazishga va keyingi maslahatlashuvlarni muvofiqlashtirishga kelishdi.
