/

Shifokorlar qamoqxonada ochlik e’lon qilgan Saakashvilini kasalxonaga yotqizishni tavsiya qildi

20 kundan buyon Rustavi shahridagi qamoqxonada ochlik e’lon qilib kelayotgan Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini shifokorlar konsiliumi ko‘rikdan o‘tkazib, uni intensiv kuzatuv uchun kasalxonaga yuborishni tavsiya qildi. Bu haqda besh nafar boshqa tibbiyot xodimlari bilan birga Saakashvilini tekshirgan shifokor Zurab Pagava ma’lum qildi.

“Saakashvilining salomatligi har qanday vaqtda yomonlashishi mumkin, uning ahvoli bilan bog‘liq asoratlar oldini olish uchun biz kasalxonaga yotqizishni tavsiya qildik”, — dedi Pagava.

Saakashvilini qamoqxonadan klinikaga o‘tkazish haqidagi qarorni Gruziya adliya va sog‘liqni saqlash vazirlari, shuningdek, mahalliy parlament a’zolari qabul qilishi kerak. Mamlakat uchinchi prezidentining shaxsiy shifokori Nikoloz Kipshidze ta’kidlashicha, kasalxonaga yotqizishga Saakashvilining o‘zi rozilik berishi kerak. U sobiq prezident 23-oktyabrda kasalxonaga yuborilishini taxmin qildi.

Nikoloz Kipshidze qo‘shimcha qilishicha, Saakashvilining ahvoli “xuddi kechagidek” barqaror.

1-oktyabr kuni Mixail Saakashvili sakkiz yildan buyon birinchi marta Gruziyaga keldi. U chegarani noqonuniy kesib o‘tganlik ayblovi bilan qo‘lga olindi. Shundan keyin Gruziyada muxolifat norozilik namoyishlari boshlandi, ular Saakashvili ozod etilishini talab qildi.

2018-yilda Mixail Saakashvili Gruziyada ikkita jinoiy ish bo‘yicha sirtdan sudlangandi: u parlament sobiq deputati Valeriy Gelashviliga hujum uyushtirganlikda ayblanib olti yilga, bank xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishiga aloqadorlik ayblovi bo‘yicha esa uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Fikr bildirish

Latest from Blog