Oskar mukofotiga Oʻzbekistondan ilgari suriladigan filmlar short-listi eʼlon qilindi

Sayyoramizning eng nufuzli kinomukofoti hisoblangan 93-Oskar taqdirlash marosimining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga Oʻzbekiston nomidan Jahongir Qosimovning “Ibrat”, Ayub Shahobiddinovning “Rangsiz tushlar” va Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmlaridan biri ilgari surilishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi 2021-yilning 25-aprel kuni Los Anjeles shahrining mashhur “Dolby” teatrida boʻlib oʻtadigan eng nufuzli marosim tanlovida ishtirok etishi uchun munosib nomzod boʻyicha soʻnggi qarorini shu yilning 20-noyabr kuni eʼlon qiladi.

Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi yangi tarkibdagi aʼzolarini tasdiqladi. Qoʻmita raisi etib “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov tayinlandi.

Qoʻmita aʼzolari tarkibidan Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbasov, Nigora Karimova, Jahongir Axmedov, Mannob Qoʻchqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Bahtiyor Yoqubov, Farruh Toʻlaganov, Eldor Yoʻldashev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qoʻmita koordinatori Oybek Abdushukurov oʻrin olgan.

Oskar reglamentiga muvofiq mukofotga nomzod filmlarga taqdimot boʻlgunga qadar televideniye va internet tarmogʻida namoyish etilmagan boʻlishi talab qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil bahorida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tashkil qilinib, AQSH kinoakademiyasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ilk bor Umid Hamdamovning “Issiq non” filmi Oʻzbekiston nomidan nufuzli mukofotga ilgari surilgan edi.

Fikr bildirish

Latest from Blog