Kinochilarning “kinolari” davom etadi: arbob nega Prezidentga murojaat yoʻlladi?

“Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov “Oʻzbekkino” Milliy agentligi rahbariyati, ijodkorlarga boʻlgan munosabat umuman hozirda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida Prezidentga murojaat yoʻlladi.

ҚҚҚ

“Zohiran qaraganda, hamma Sizning koʻrsatmalaringizga amal qiladi, lekin bu koʻrsatmalar kinoda sizning strategiyangizga qarama-qarshi ravishda amalga oshiriladi. Men “Oʻzbekfilm” studiyasining ostonasini oʻn yetti yoshligimda hatlab oʻtib, shu yerdan nafaqaga chiqdim, sochim shu dargohda oqardi, hozir ham ishlayapman… Umrimda bironta lavozimni egallamaganman va xohlamayman ham… Lekin kinomizda odam chidab tura olmaydigan jarayonga befarq boʻla olmayman”, deyiladi murojaatda.

Rejissyor murojaatda dastlab davlat rahbarining 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvida Oʻzbekistonda adabiyot va sanʼat, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat biznesga aylanmasligi, baʼzi filmlarda mayda maqsadlar bilan yashaydigan, hayotga faqat isteʼmolchilik kayfiyati bilan qaraydigan kimsalar asosiy qahramon sifatida tasvirlanayotgani tashvish uygʻotayotgani haqida bildirgan fikrlarini eslatib oʻtgan.

Shuningdek, Musoqovning yozishicha, “aynan bizning sharoitimizda davlatning yordamisiz kinomiz oʻladi…”

Bundan tashqari, rejissyor fikricha, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori etib F.Abduxoliqov tayinlanishi bilan bir yil ichida kinoda halokatli holat vujudga kelgan. Musoqov bu fikrini asoslash uchun bir qancha misollar keltiradi.

“Masalan:

  1. A) Butun hayotini kinoga bagʻishlagan mutaxassislar turli rasmiy bahonalar bilan ishdan boʻshatilmoqda yoki toʻgʻridan-toʻgʻri taʼqib qilinmoqda.
  2. B) Internet va ijtimoiy tarmoqlarda kinoijodkorlarni qoralash va gʻiybat, ochiqdan-ochiq haqorat qilish muhitini yaratish, har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da ijodkorni mensimaslik holati odat tusiga kirdi.
  3. V) Sanʼatni tijoratga aylantirishga harakat qilingan targʻibot amalga oshirilmoqda.
  4. D) Faqat koʻz-koʻz qilish va koʻzboʻyamachilikni kuzatyapmiz. Sizning aniq koʻrsatmangiz boʻyicha tayyorlanishi kerak boʻlgan 30 ta badiiy filmni suratga olish boʻyicha ishlar chetda qolib, koʻplab taqdimotlar oʻtkazish (bu tadbirlar, aksariyat hollarda, karantin paytida oʻtkazilayotganiga aql bovar qilmaydi) bilan shugʻullanilmoqda.
  5. Y) Kino sohasidan professionallar chetlashtirilmoqda, butun umrini kinoga bagʻishlagan kino arboblarini “Oʻzbekkino”dan siqib chiqarish uchun sharoit yaratib berilmoqda.
  6. E) Jamiyat manfaatlarini oʻzlarining shaxsiy bizneslari bilan aralashtirib yuborish holatlari koʻzga tashlanmoqda.
  7. F) Kino sohasiga aloqasi boʻlmagan, sanʼat haqida mutlaqo tushunchaga ega boʻlmagan odamlardan kadrlar Agentlikka ishga olingan va rahbar oʻz atrofida shu kabi sanʼatdan yiroq, kinodan bexabar insonlarni toʻplagan. Eng jirkanchli joyi, ularga, masalan, oliy kategoriyali rejissyorning oyligidan 1,5 va 4 barobar koʻp maosh toʻlaydi. Hamma hujjatlar bor.
  8. G) 109 nafar kinematografist murojaat qilishgan edi. Men ularga, hoy, toʻxtanglar, karantin paytida vaqti emas, degan edim. Keyin oʻz nomimdan Prezidentga murojaat qilaman, deb vaʼda bergan edim. Mana, vaqt oʻtib, vaziyat oʻta kuchayib ketdi. Yaxshi yashaganlaridan yozmagan-ku oʻsha insonlar? Lekin F.F. Abduxoliqov xatga umuman eʼtibor bermadi (vaholanki, bu murojaatchilar safida “Oʻzbekfilm“ DUK jamoasi, “Oʻzbekmultfilm” DUK, Agentlik Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Sh.T.Rizayev, moliyaviy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari N.D.Mahmudov, “Oʻzbekfilm” DUK direktori F. Jalolovlar, bir nechta ishlab turgan ijodkorlar bor).
  9. H) F. F. Abduxoliqov sizning topshiriqlaringizni shunchaki bajarmaydi va oʻsha kunning oʻzida unga berilgan buyruqlarni rad etadi. Eng achinarli holat: F.F. Abduxoliqov kino sohasini boshqarishga mutlaqo qobiliyatsiz, deb hisoblayman va u bir yildan buyon sizning kino sanʼatiga oid fikrlaringizga umuman mos kelmagan, mutlaqo teskari bir siyosatni amalga oshirib kelmoqda”, deyiladi rejissyor murojaatida.

Murojaat “Oʻzbekkino”ga kelib tushganini ma’lum qilindi va rasmiy bayonot berdi

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati ham bu voqeaga nisbatan rasmiy bayonot berdi.

“Rejissyor Zulfiqor Musoqovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqish uchun “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga kelib tushgan. Agentlik oʻz oʻrnida murojaatni xolis oʻrganish maqsadida sohada uzoq yillar faoliyat yuritgan kinoarboblardan tashkil topgan mustaqil organ – Jamoatchilik kengashiga xulosa uchun taqdim etgan. Kecha, 21-sentabr kuni Jamoatchilik kengashi ushbu masala yuzasidan navbatdan tashqari yigʻilishini oʻtkazdi. Murojaat har tomonlama oʻrganib chiqilib, Kengash tez orada oʻz xulosasini eʼlon qilishini maʼlum qildi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, agentlik Jamoatchilik kengashi xulosasiga taʼsir oʻtkazmaslik maqsadida, kengash kotibiyati tomonidan xulosa eʼlon qilingandan soʻng oʻz rasmiy munosabatini bildirishini maʼlum qildi.

Hammasi nimadan boshlangan edi?

Ijodkorlar va 2019-yil sentabridan beri “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga rahbarlik qilayotgan Firdavs Abduxoliqov oʻrtasidagi muammolar, tushunmovchiliklar joriy yilning aprel oyi oʻrtalaridan boshlab OAVga siza boshladi.

Oʻshanda 100 dan ortiq kinoijodkor “Oʻzbekkino” MA rahbari Firdavs Abduxoliqov ustidan Bosh vazir Abdulla Aripovga shikoyat qilgan edi.

Murojaatchilar Firdavs Abduxoliqov kinematografiya sohasini rivojlanish boʻyicha kompleks yondashuv va konseptual qarorlarni qabul qilish oʻrniga sohani rivojlantirishga mutlaqo aloqador boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgani, koʻp yillik tajribaga ega xodimlarni chetlatib, ularning oʻrniga kino sohasidan yiroq boʻlgan, uning oʻzigagina qarashli odamlarni boshqarma va boʻlimlar rahbarligiga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilganini bildirgan. Ular fikricha, agentlikda ish oʻrniga vaʼzxonlik, tadbirbozlik, keraksiz ishlar bilan shugʻullanish, byurokratizm, shuningdek, xorijiy davlatlarga yakka tartibda yoki oʻz istagidagi odamlardan guruhlar tuzib, safar qilish, bosh direktor oʻrinbosarlari va tajribali mutaxassislar fikriga bepisandlik bilan qarash yoki ularning taklif va mulohazalarini umuman inkor etish amaliyoti joriy etilgan.

Undan soʻng ham ijodkorlar bir nechta OAV, vlogerlar bilan suhbatlar qilishdi va agentlik rahbariyatining xatti-harakatlariga nisbatan salbiy munosabatini bir necha bor bildirdi. Albatta, “Oʻzbekkino” MA tomon ham oʻz mulohazalarini bildirdi.

Joriy yilning avgust oyida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Jamoatchilik va Badiiy kengashlari, Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasining katta hajmdagi qoʻshma bayonoti eʼlon qilindi.

“Aytish joizki, hech qachon tizimli islohotlar ziddiyat va qarama-qarshiliklarsiz kechmagan. Aslida bu – eskicha va yangicha yondashuvlar kurashi. Soʻnggi yillarda kino sanoatida boqimandachilik kayfiyati ildiz otgan boʻlib, bunday fikrlarni ifodalovchilar balandparvoz gaplarni dastaklash orqali kinoloyihalarni faqat davlat tomonidan moliyalashtirishni talab qilishmoqda. Shu bilan birga, bu kinoijodkorlar jamiyat oldida davlat mablagʻlariga ishlangan filmlarning kinoprokatdagi muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi uchun hech qanday masʼuliyatni zimmalariga olmaydilar.

Maʼlum boʻlmoqdaki, kinematografiyaning amaldagi tizimi arxaik boʻlib, oʻzini oqlamayapti, bu esa oʻz navbatida tub oʻzgarishlarni amalga oshirish va yangi, zamonaviy va samarali tizimni yaratishni talab qilmoqda”, deya izoh berilgan edi qoʻshma bayonotda.

Shuningdek, bayonotda faqat qudratli kinosanoat va raqobat muhitini yaratish orqaligina kinoijodkorlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish mumkinligi aytilgan va agentlik amalga oshirgan ishlar, maqsadsiz sarflanayotgan xarajatlarning oldini olish boʻyicha vazifalar, kelgusi rejalar, kutilayotgan oʻzgarishlar, loyihalar xususida maʼlumot berilgandi.

P/S: Ushbu mavzudagi voqealarning kelgusi rivoji saytimiz orqali yoritib boriladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog