/

Gruziyada rossiyalik jurnalist Vladimir Poznerning tashrifi tufayli norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi

Tbilisida rossiyalik jurnalist Vladimir Pozner turgan Vinotel Boutique mehmonxonasi yaqinida norozilik aksiyasi boshlandi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, mehmonxona yaqinida politsiya bilan to‘qnashgan norozilik namoyishchilari binoga tuxumlar uloqtirgan. Pozner politsiya qurshovida mehmonxonadan chiqib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u va unga hamrohlik qiluvchilar Rooms mehmonxonasiga ko‘chirilgan, ammo namoyishchilar u yerda ham to‘planib, tuxum uloqtirishni boshlagan va binoga bostirib kirishga harakat qilgan. Interpress xabariga ko‘ra, ba’zi faollar mehmonxonada tunashni va ertalab namoyishni davom ettirishni rejalashtirganini aytgan.

Ta’kidlanishicha, Pozner Gruziya poytaxtiga tug‘ilgan kunini nishonlash uchun kelgan. “Tbilisida uchinchi yil tug‘ilgan kunimni nishonlamoqdaman. Men siyosat haqida gaplashish uchun emas, balki tug‘ilgan kunimni nishonlash uchun keldim”, — dedi Pozner jurnalistlarga.

Bir qator siyosatchilar, masalan, deputat Yelena Xoshtariya va “Gruziya uchun Lelo” partiyasi a’zosi Grigol Gegeliya jurnalistning Janubiy Osetiya va Abxaziyadagi vaziyatga munosabatidan kelib chiqib, uning mamlakatga tashrifi nomaqbul ekanini ta’kidladi. Ilgari Pozner Abxaziya aholisi Gruziyaning bir qismi bo‘lishni xohlamaganini aytgan. “Albatta, bu ilmiy tadqiqotlar emas, lekin men umumiy qilib abxaziyaliklar Gruziyaning bir qismi bo‘lishni istamagan degan fikrga keldim”, — degan edi u 2017-yilda.

“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Vladimir Pozner ayni paytda xavfsiz joyda ekanini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, jurnalist Tbilisidan 3-aprel kuni ketishni rejalashtirgan edi. “Ammo bugungi vaziyatda qachon ketishimiz haqida bir narsa deyolmayman, ehtimol rejadan oldinroq ketarmiz”, — dedi Pozner.

Bu rossiyalikning tashrifi munosabati bilan Tbilisida bo‘layotgan birinchi norozilik namoyishi emas. 2019-yil iyun oyida mamlakat parlamenti binosida Parlamentlararo pravoslaviye assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Assambleya rahbari — Rossiya davlat Dumasi deputati Sergey Gavrilov. Assambleya yig‘ilishi paytida Gavrilov Gruziya parlamenti spikerining kursisiga o‘tirgan, bu esa muxolifat partiyalarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Norozilik sifatida ular sud zalidan chiqib ketgan. Deputatning o‘zi qabul qiluvchi tomon shu joyda o‘tirish so‘ralganini aytgan.

Natijada Tbilisida norozilik namoyishlari boshlanib, politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar parlament rahbarining iste’fosini va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qildi. Gruziya parlamenti spikeri Irakliy Kobaxidze namoyishchilarning talablarini bajarib, iste’foga chiqdi. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili keyinchalik Rossiyani mamlakatning “dushmani va bosqinchisi” deb atadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog