Toshkentda Ko‘kcha darvoza va Nurafshon halqa yo‘li chorrahasida chapga burilish uchun alohida yo‘lak ochildi
Toshkentda Ko‘kcha darvoza ko‘chasi va Nurafshon halqa yo‘li kesishmasida halqa yo‘li tomon chapga buriladigan transport vositalari uchun alohida yo‘lak tashkil etildi. Bu haqda “Tashkent Today” kanali xabar berdi.
Ilgari chapga buriladigan va to‘g‘riga harakatlanadigan avtomobillar bitta yo‘lakdan foydalanardi. Natijada burilishni kutayotgan avtomobil to‘g‘riga ketayotgan transport oqimini to‘sib qo‘yishi mumkin edi.
Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bunday aralash yo‘laklarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati odatdagi yo‘lakning atigi 40–60 foizini tashkil etadi. Alohida burilish yo‘lagining tashkil etilishi chorrahaning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 20 foizdan ko‘proq oshirishi kutilmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, yangi yechim yo‘l-transport hodisalari sonini o‘rtacha 10 foizga kamaytirishga ham xizmat qiladi. Bu esa haydovchilar va piyodalar xavfsizligini oshiradi.
Toshkentda so‘nggi yillarda tirbandliklarni kamaytirish maqsadida chorrahalarni qayta rejalashtirish, svetoforlarni optimallashtirish va qo‘shimcha yo‘laklar tashkil etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shahar aholisi soni va avtomobillar soni oshib borayotgan bir paytda bunday chora-tadbirlar harakat qulayligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
