Yevropa Ittifoqi yetakchilari 2028–2034-yillar budjeti bo‘yicha kelisha olmayapti
Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Ittifoqi yetakchilari ittifoqning 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan budjeti bo‘yicha bo‘linib qoldi. Muzokaralarni Ukrainaga yordam masalasi va AQShning soliq bo‘yicha ogohlantirishi murakkablashtirmoqda, deb xabar beradi The Guardian va Politico Europe nashrlariga tayanib 10 Things.
Germaniya kansleri Fridrix Mers 2027-yilda Ukrainaga 45 mlrd yevro miqdorida kredit ajratish taklifini barcha 27 davlat ma’qullashini istaydi. Biroq Slovakiya, Vengriya va Chexiya bunga qarshi chiqmoqda. Germaniya, shuningdek, kelajakda Ukrainani moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar bir ovozdan emas, ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinishini taklif qilmoqda.
Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta budjetni to‘ldirish uchun Yevropa Ittifoqi miqyosida raqamli xizmatlar solig‘ini qayta joriy etishni taklif qildi. AQSh bu soliqni Amerika kompaniyalariga nisbatan kamsituvchi deb hisoblaydi, Irlandiya ham unga qarshi.
Raqamli soliqni joriy etish uchun barcha a’zo davlatlarning roziligi talab etiladi. Shu sababli yil oxirigacha budjet bo‘yicha kelishuvga erishish yanada qiyinlashmoqda.
Yevropa Ittifoqining ko‘p yillik moliyaviy asosi har yetti yilda qabul qilinadi va ittifoqning qishloq xo‘jaligi, mintaqaviy rivojlanish, ilm-fan va boshqa sohalardagi xarajatlarini belgilaydi.
