National Geographic Traveller jurnali O‘zbekistondagi Amirsoy kurortini yuqori baholadi
Buyuk Britaniyaning nufuzli National Geographic Traveller jurnali O‘zbekistondagi tog‘-chang‘i turizmi salohiyati haqida maqola e’lon qilib, Amirsoy kurortini alohida e’tirof etdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasiga tayanib “Tashkent Today” kanali xabar berdi.
Maqolada qayd etilishicha, Amirsoy kurorti 2019-yilda 85 mln funt sterling investitsiya asosida ochilgan. U Toshkentdan qariyb 65 kilometr shimoli-sharqda, Chotqol tizmasida, Ugom-Chotqol milliy bog‘i hududida, balandligi 3 309 metr bo‘lgan Katta Chimyon cho‘qqisi yaqinida joylashgan.
Jurnal kurortdagi zamonaviy gondola yo‘li, tekislangan chang‘i yo‘laklari, shinam shaleler, restoranlar va hammom kabi qulayliklarni yuqori baholagan. Snoubordchi va fotograf Roman Valiyev Markaziy Osiyoda qishki sport turlariga qiziqish ortib borayotganini qayd etgan.
Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston 100 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etgani va 2025-yilda mamlakatga rekord darajadagi 11,7 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgani ta’kidlangan.
Xalqaro nashrlarning bunday e’tirofi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy shaharlari, balki tog‘ va qishki turizm imkoniyatlari ham dunyo sayyohlari e’tiborini tortayotganini ko‘rsatadi. Qish mavsumi boshlanishi bilan Amirsoy va Chimyon tog‘lariga dam oluvchilar oqimi ortishi kutilmoqda.
