Toshkent va Samarqandda Ozarbayjon madaniyati kunlari o‘tkaziladi
30-noyabrdan 7-dekabrga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida Ozarbayjon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbirlarda Ozarbayjonning 200 dan ortiq madaniyat arbobi ishtirok etadi, deb xabar beradi Ozarbayjon Madaniyat vazirligiga tayanib Trend agentligi.
Madaniyat kunlari 1926-yilda Bokuda o‘tkazilgan Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlanadi. Dasturda mug‘om va mumtoz musiqa, jaz, teatr, kino hamda zamonaviy tasviriy san’at namoyishlari bor. Tadbirlar Ozarbayjonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targ‘ib qilish, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dasturda ayollarning madaniy va ijtimoiy hayotdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, XX asr boshidagi ozarbayjon ayol ma’rifatparvarlari hamda zamonaviy ayol san’atkorlar ijodi namoyish etiladi. Tadbirga musiqachilar, aktyorlar, yozuvchilar, rassomlar va kreativ industriya vakillari keladi.
Madaniyat kunlari doirasida Madaniy va kreativ industriyalar haftaligi ham tashkil etiladi. U ijodiy soha mutaxassislariga tajriba almashish, hamkorlik o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zaro madaniyat kunlarini muntazam o‘tkazib kelmoqda. 2023-yilda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024-yilda Toshkentda Ozarbayjon madaniyati kunlari va Xivada Shusha kunlari, 2025-yilda esa Bokuda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tgan. Ikki davlat o‘rtasida 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi, 2026-yilda esa Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolangan.
