Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida Art Explora Yevropa mukofoti g‘oliblari taqdirlandi
Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida 24-noyabr kuni Art Explora — Tasviriy san’at akademiyasining Yevropa mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi. Mukofot Yevropadagi notijorat madaniyat va san’at tashkilotlarining innovatsion loyihalariga beriladi, deb yozadi The Art Newspaper.
Bu yil ettinchi marta o‘tkazilgan tanlovda besh tashkilot g‘olib deb topildi. Ularning har biri 30 ming yevrodan 50 ming yevrogacha mukofot puli oldi. Ispaniyaning Cultura en Vena tashkiloti tibbiyot muassasalarida san’at dasturlarini amalga oshiradigan “Arte Ambulatorio” loyihasi uchun 40 ming yevro oldi. Loyihaning yangi bosqichida bolalar uchun Frida Kalo ijodidan ilhomlangan ko‘rgazma, jonli musiqa va ijodiy yozish mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Fransiyaning “Chegarasiz kutubxonalar” (Bibliothèques Sans Frontières) xayriya tashkiloti Ukraina harbiy faxriylari bilan ijodiy mashg‘ulotlar o‘tkazadigan loyihasi uchun 50 ming yevro oldi. Loyiha doirasida yaratilgan asarlar Ukrainada va Bryusseldagi Yevropa komissiyasida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
G‘oliblar orasida ko‘zi ojiz va zaif ko‘radigan odamlar bilan teginishga asoslangan xoreografiya yaratayotgan Polshaning Jazdaa Polska! fondi hamda Londonning Lyuisham tumanini Buyuk Britaniyaning birinchi “Adabiyot tumani”ga aylantirishga intilayotgan London Writers Centre ham bor. Slovakiyaning RAMAGU teatri qishloq joylardagi ozchilik guruhlari bilan hujjatli teatr yaratgani uchun tomoshabinlar mukofotini qo‘lga kiritdi.
Art Explora xayriya tashkilotiga fransuz tadbirkori Frederik Jusse asos solgan. G‘oliblarni xalqaro hakamlar hay’ati tanladi, uning tarkibida Fransiya Tasviriy san’at akademiyasi a’zolari — illyustrator Emmanuel Gibber va haykaltarosh Eva Jospen, Rotterdam xalqaro kinofestivali direktori Vanya Kalujerchich hamda xorvatiyalik madaniyat mutaxassisi Antoniya Letinich bor.
