O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi: 2030-yilgacha bandlikda kichik biznes ulushi 80 foizga yetadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda 2030-yilgacha bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmatiga tayanib Trend agentligi.
Taqdimotda qayd etilishicha, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda qariyb 11 mln kishi kambag’allikdan chiqdi. Bugungi kunda mikro, kichik va o‘rta biznes yalpi ichki mahsulotning 55 foizini yaratmoqda va jami bandlikning 75 foizini ta’minlamoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 80 foizga, aholi tarkibida o‘rta sinf ulushini esa 90 foizga yetkazish maqsad qilingan. Mikrokorxonalarning yirikroq biznes toifalariga o‘tish sur’atini ikki baravar oshirish ham rejalashtirilmoqda.
Tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlarda kafolat va kafillik asosidagi kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari va bozordan jalb qilinadigan mablag‘lar ulushini esa 17 foizdan 35 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Markaziy bank kreditga layoqatlilikni muqobil usulda baholash, banklar va fintex kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvi hamda bir arizada bir nechta bankdan taklif olish imkoniyatini taklif qildi.
Respublikadan mahallagacha bo‘lgan vertikal qo‘llab-quvvatlash tizimi doirasida hududlarda biznes-inkubatorlar va loyiha ofislari, tumanlarda esa “bir darcha” tamoyilida ishlaydigan kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari tashkil etiladi. Tadbirkorlarga kredit, kafolat, lizing, faktoring va venchur investitsiyalar bilan bir qatorda o‘qitish, maslahat, texnologiyalarni joriy etish va eksport bozorlariga chiqishda ko‘mak ham ko‘rsatiladi.
Hududlarda umumiy qiymati 81 trln so‘m bo‘lgan 1 000 ta loyiha amalga oshirilib, ular orqali 320 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari mehnat qonunchiligini takomillashtirish, ishga qabul qilish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda ish beruvchi va xodimlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlashni topshirdi.
