Koreya O‘zbekistonga uglerod savdosini rivojlantirish uchun 8,5 mln dollar grant ajratadi
O‘zbekiston Koreya xalqaro hamkorlik agentligidan (KOICA) iqlim bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirish va Janubiy Koreya bilan uglerod kreditlari savdosini rivojlantirish uchun 8,5 mln dollar grant mablag‘i oldi. Kelishuvga 25-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishildi, deb xabar beradi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tayanib Trend agentligi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kim Myong Jin, Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakili Sinyon Stella Li va ikki tashkilot mutaxassislari ishtirok etdi.
Loyiha O‘zbekistonning Parij kelishuvini amalga oshirishi va kelishuvning 6-moddasi doirasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi harakatlarga qaratilgan. U KOICA texnik ko‘magida GGGI tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Janubiy Koreya bilan uglerod kreditlari savdosi uchun me’yoriy-huquqiy va institutsional asos yaratiladi, qoidalar va yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi hamda qo‘shma harakatlar rejasi tayyorlanadi.
Shuningdek, uglerod loyihalarini ishlab chiqish va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etiladi. Qishloq xo‘jaligi, energetika va suv xo‘jaligi sohalarida issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan tajriba loyihalari ham amalga oshiriladi.
Yangi loyiha 2025-yilda KOICA mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan Orolbo‘yi hududini yashil tiklash bo‘yicha investitsiya loyihasining davomi bo‘ladi. O‘zbekiston so‘nggi yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni izchil kengaytirmoqda.
