Anqarada Go‘bekli Tepa va boshqa qadimiy manzilgohlardan topilgan 34 ta artefakt namoyish etildi
Turkiya poytaxti Anqaradagi Prezident milliy kutubxonasida 17–23-noyabr kunlari Shanliurfa viloyatidagi qadimiy manzilgohlardan topilgan 34 ta artefakt namoyish etildi. Eksponatlar miloddan avvalgi taxminan 10 ming — 7 ming yilliklarga oid, deb xabar beradi Turkiyaning Anadolu agentligi.
Ko‘rgazmada Go‘bekli Tepa, Karahan Tepa, Sefer Tepa va Sayburch yodgorliklaridan topilgan buyumlar taqdim etildi. Ushbu manzilgohlar insoniyat tarixidagi eng qadimgi monumental inshootlar topilgan joylar sifatida dunyo olimlari e’tiborini tortib kelmoqda.
Go‘bekli Tepa 2018-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yerda topilgan ulkan T-shaklidagi tosh ustunlar va ularning ustidagi hayvon tasvirlari miloddan avvalgi X ming yillikka oid deb baholanadi. Bu Misr ehromlari va Stounhenjdan ming yillar avval qurilgan inshootlar demakdir. Yodgorlikda qazishma ishlari Germaniya arxeologiya instituti ishtirokida olib borilgan.
Olimlarning fikricha, bu kashfiyotlar ovchi-teruvchi jamoalar dehqonchilikka o‘tishidan oldin ham murakkab marosim inshootlarini qurganini ko‘rsatadi va insoniyat tsivilizatsiyasi tarixiga oid an’anaviy qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Shu sababli Go‘bekli Tepa ba’zan “tarixning nol nuqtasi” deb ham ataladi.
Turkiya so‘nggi yillarda Shanliurfa viloyatidagi qadimiy yodgorliklarni “Tosh tepaliklar” (Taş Tepeler) loyihasi doirasida keng o‘rganmoqda. Loyiha davomida o‘nga yaqin neolit davri manzilgohida qazishmalar olib borilmoqda. Topilmalar mamlakat madaniy turizmini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
