“Ochlik o‘yinlari”ning yangi filmi ilk dam olish kunlarida dunyo bo‘ylab 225 mln dollar yig‘di
“Ochlik o‘yinlari” franshizasining yangi filmi — “Ochlik o‘yinlari: Qur’a tongi” (The Hunger Games: Sunrise on the Reaping) 20–22-noyabr kunlari AQSh va Kanada kinoteatrlarida 120 mln dollar, butun dunyo bo‘ylab esa 225 mln dollar yig‘di. Bu haqda kino sanoati nashrlari Deadline va AP ma’lumotlariga tayanib xabar berildi.
Xalqaro prokatdan tushgan tushum 105 mln dollarni tashkil etdi. Film namoyish etilgan 84 ta hududdan 81 tasida kassa reytingida birinchi o‘ringa chiqdi. Eng yuqori tushum Buyuk Britaniya va Irlandiya (17,4 mln dollar), Avstraliya (9,1 mln dollar), Germaniya (8,4 mln dollar) hamda Fransiyada (7,1 mln dollar) qayd etildi.
Filmning Shimoliy Amerikadagi debyuti franshizaning avvalgi prekveli — 2023-yilda chiqqan “Qo‘shiqchi qushlar va ilonlar balladasi”nikidan qariyb uch baravar yuqori bo‘ldi. Global debyut bo‘yicha esa film franshizada “Olovli sinov”, “Zag‘chaqush. 1-qism” va “Zag‘chaqush. 2-qism”dan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, u 2026-yilda AQShda 100 mln dollardan ortiq tushum bilan start olgan beshta filmdan biriga aylandi.
Lionsgate kinokompaniyasining Motion Picture Group raisi Adam Fogelson AP agentligiga bergan izohida franshizaning oltinchi filmi kassa ko‘rsatkichlari pasayish tendensiyasini teskari tomonga burishi kamdan-kam uchraydigan hodisa ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga erishish jamoa uchun katta mamnuniyat bag‘ishlagan.
Filmni rejissyor Frensis Lourens suratga olgan, ssenariy muallifi Bill Rey va Maykl Lesli. Kartina Syuzen Kollinzning 2025-yil mart oyida nashr etilgan shu nomli romani asosida yaratilgan. Voqealar birinchi filmdan 24 yil avval, 50-Ochlik o‘yinlarida bo‘lib o‘tadi va yosh Xeymitch Abernatining taqdiri haqida hikoya qiladi. Bu rolni Jozef Zada ijro etgan — avvalgi filmlarda ushbu qahramonni Vudi Xarrelson o‘ynagan edi. Filmning byudjeti 170–200 mln dollar atrofida baholanmoqda.
