“Gremmi-2027” nominantlari e’lon qilindi: britaniyalik RAYE 11 ta nominatsiya bilan peshqadam
AQSh Ovoz yozish akademiyasi (Recording Academy) 69-“Gremmi” musiqa mukofoti nominantlarini e’lon qildi. Nominatsiyalar soni bo‘yicha britaniyalik qo‘shiqchi RAYE 11 ta nominatsiya bilan peshqadamlik qilmoqda, deb xabar beradi mukofotning rasmiy sayti.
Ispaniyalik qo‘shiqchi Rosalia 9 ta nominatsiya bilan ikkinchi o‘rinda. Ella Lengli, Miranda Lambert, Oliviya Rodrigo va Fibi Brijers 7 tadan, Bruno Mars, Leon Tomas va Oliviya Din esa 6 tadan nominatsiyaga ega bo‘ldi.
Eng nufuzli toifalardan biri — “Yil albomi” uchun sakkiz nafar ijrochi kurashadi: Fibi Brijers (Lost Weekend), Oliviya Din (The Art of Loving), Ella Lengli (Dandelion), Bruno Mars (The Romantic), RAYE (THIS MUSIC MAY CONTAIN HOPE.), Oliviya Rodrigo (you seem pretty sad for a girl so in love), Rosalia (LUX) va Teylor Svift (The Life of a Showgirl).
“Yil yozuvi” toifasida RAYE’ning “WHERE IS MY HUSBAND!”, Teylor Sviftning “The Fate of Ophelia”, Bruno Marsning “I Just Might”, Rosalia, Byork va Iv Tyumorning “Berghain” hamda Tame Impala guruhi va JENNIE’ning “Dracula” qo‘shiqlari bor. “Yil qo‘shig‘i” nominantlari orasida Ariana Grandening “hate that i made you love me” va Teylor Sviftning “Toy Story 5” multfilmi uchun yozgan “I Knew It, I Knew You” qo‘shiqlari ham bor. “Eng yaxshi yangi ijrochi” toifasida Ella Lengli, Geese guruhi, Don Toliver, Remi Vulf, Sienna Spiro va boshqalar bahslashadi.
Taqdirlash marosimi 2027-yil 7-fevral kuni Los-Anjelesdagi Crypto.com Arena’da bo‘lib o‘tadi. Marosim 1972-yildan buyon ilk bor ABC telekanalida, shuningdek, Disney+ va Hulu platformalarida efirga uzatiladi. Mukofotga 2025-yil 31-avgustdan 2026-yil 28-avgustgacha chiqqan yozuvlar da’vogarlik qildi. Bu yil “Gremmi” 12 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta toifada topshiriladi. Eslatib o‘tamiz, ushbu mukofot 1959-yildan buyon beriladi va musiqa sanoatidagi eng nufuzli taqdirlash hisoblanadi.
