Madaniyat

Milandagi “Global Antiquity” ko‘rgazmasida Xalchayan va Afrosiyob artefaktlari namoyish etilmoqda

Milandagi “Global Antiquity” ko‘rgazmasida Xalchayan va Afrosiyob artefaktlari namoyish etilmoqda
© Foto: O'zbekiston madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi

O‘zbekiston Milanda (Italiya) o‘tkazilayotgan Global Antiquity tadqiqot ko‘rgazmasiga Xalchayan va Afrosiyob qadimiy shahar xarobalaridan topilgan noyob artefaktlarni olib bordi. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) xabar berdi.

Ko‘rgazma Milandagi Prada jamg‘armasi (Fondazione Prada) madaniyat markazida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu jamg‘armaga 1993-yilda italiyalik dizayner Miuchcha Prada va tadbirkor Patritsio Bertelli asos solgan. Tashkilotchilar tashrif buyuruvchilarni 1600 yildan ortiq vaqt davomida O‘rtayer dengizidan Osiyogacha bo‘lgan hududlardagi xalqlar va madaniyatlarni bog‘lab kelgan badiiy, savdo va siyosiy aloqalar bilan tanishtirmoqda.

Ekspozitsiya miloddan avvalgi 600-yildan milodiy 1000-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan 150 dan ortiq san’at asari va tarixiy artefaktni o‘z ichiga oladi. Ko‘rgazma kuratori Salvatore Settisning aytishicha, antik davr merosi zamonaviy dunyo madaniyatlarining xilma-xilligini anglashga yo‘l ochuvchi kalitdir.

O‘zbekiston kolleksiyasidan sakkizta muzey ashyosi taqdim etilgan. Ular orasida Surxondaryo viloyatidagi Xalchayandan topilgan, miloddan avvalgi I asr — milodiy I asrga oid shahzoda tasvirlangan sopol haykalcha hamda Samarqanddagi Afrosiyobdan topilgan yettita shaxmat donasi bor. Kushonlar davri haykaltaroshligiga xos haykalchada baqtriya, ahamoniylar va ellinizm an’analari uyg‘unlashgan. VIII asrga oid suyak shaxmat donasi esa figurali shaxmat donalarining saqlanib qolgan eng qadimgi namunalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekistondan keltirilgan eksponatlar Metropoliten muzeyi, Pol Getti muzeyi, Britaniya muzeyi, Luvr, Gime muzeyi, Prado muzeyi, Vatikan muzeylari va Pompey arxeologik parki kabi dunyoning yetakchi muassasalari to‘plamlaridagi asarlar bilan bir qatorda namoyish etilmoqda. Global Antiquity ko‘rgazmasi Prada jamg‘armasi 2015-yilda Serial Classic va Portable Classic loyihalari bilan boshlagan antik san’at tadqiqotining davomi bo‘ldi. Ushbu tadqiqot 2022-yilda Recycling Beauty ko‘rgazmasi bilan davom ettirilgan edi. Bunday xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon jamoatchiligiga keng tanishtirishga xizmat qilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Mavzuga oid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim yangiliklari — har oy pochtangizda.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling
Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling