BMTning COP31 iqlim konferensiyasi yakuniy kelishuvsiz nihoyasiga yetdi
Turkiyaning Antaliya shahrida 9–20-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan BMTning COP31 iqlim konferensiyasi yakuniy kelishuv qabul qilinmasdan yakunlandi. Muzokaralar rasmiy yopilish sanasidan keyin yana ikki kun davom etgan bo‘lsa-da, ishtirokchi davlatlar qazib olinadigan yoqilg‘i masalasida umumiy to‘xtamga kela olmadi, deb xabar bermoqda BMT axborot xizmati.
190 dan ortiq davlat “Antaliya pakti” deb nomlangan yakuniy hujjatni 22-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilishi rejalashtirilgan edi, biroq konsensusga erishilmadi. Shu tariqa COP31 BMT iqlim sammitlari tarixidagi eng uzoq davom etgan konferensiya bo‘ldi. Bu, shuningdek, 2009-yildan buyon umumiy deklaratsiyasiz yakunlangan birinchi sammitdir.
Asosiy to‘siq qazib olinadigan yoqilg‘iga oid ta’riflar atrofidagi kelishmovchiliklar bo‘ldi. Bundan tashqari, davlatlar iqlim o‘zgarishi oqibatlariga allaqachon duch kelayotgan mamlakatlarga moliyaviy yordamni oshirish bo‘yicha ham umumiy qarorga kela olmadi. Yakuniy hujjatning birinchi loyihasida energetika tizimlarida qazib olinadigan yoqilg‘idan zudlik bilan voz kechishga chaqiriq bo‘lgan, biroq neft qazib oluvchi davlatlarning e’tirozlaridan so‘ng keyingi versiyalardan bu band chiqarib tashlangan.
Konferensiya hamraislari — Avstraliya va Turkiya bir necha murosali loyihani taqdim etdi. Ularda global isish Selsiy bo‘yicha 1,5 darajali chegaradan oshib ketish tomon borayotgani tan olingan va uglerodni tutib qolish texnologiyalarini kengaytirishga chaqirilgan edi. Ko‘mir, neft va gazdan voz kechish bo‘yicha qat’iyroq majburiyatlarni talab qilgan Panama, Marshall orollari, Norvegiya hamda Yevropa Ittifoqi bu loyihalarni qo‘llab-quvvatlamadi. YeI nomidan qatnashgan Irlandiyaning iqlim masalalari bo‘yicha vaziri Darra O‘Brayen Yevroittifoq qazib olinadigan yoqilg‘i tilga olinmagan kelishuvni ma’qullamasligini bildirdi.
COP31 raisi Murat Kurum hujjatni qabul qilish uchun yetarli qo‘llab-quvvatlov bo‘lmaganini tan oldi. “Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik, ammo zalda bu matnga qarshi chiqayotgan tomonlar borligi aniq”, — dedi u. Eslatib o‘tamiz, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi doirasidagi konferensiyalar har yili o‘tkaziladi. Navbatdagi COP32 konferensiyasi Efiopiya poytaxti Addis-Abebada bo‘lib o‘tadi.
