Saida Mirziyoyeva AQShning USS George Washington aviatashuvchi kemasiga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Hindiston sohillari yaqinida turgan dunyoning eng yirik aviatashuvchi kemalaridan biri — AQShning USS George Washington aviatashuvchisiga tashrif buyurdi. Bu haqda u 22-noyabr kuni o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Kema bortida Saida Mirziyoyevani AQShning Hindistondagi elchisi va AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor kutib oldi. Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari hisoblanadi.
Saida Mirziyoyeva ulkan kemaning tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirganini yozdi. Mehmonlarga atom aviatashuvchisining imkoniyatlari namoyish etildi.
AQShning birinchi prezidenti sharafiga nomlangan bu kema 1990-yilda suvga tushirilgan. Uning uzunligi 333 metr, eni esa 76,8 metrni tashkil etadi.
Tashrif O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik tobora mustahkamlanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
