Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Iordaniyada: o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning taklifiga binoan 23–24-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Amman shahrida oliy darajadagi muzokaralar, ikki mamlakat rasmiylari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston–Iordaniya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Xususan, to‘qimachilik, tog‘-kon va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika kabi ustuvor sohalardagi sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish masalalari ham muhokama qilinadi. Iordaniya ko‘plab muqaddas qadamjolar joylashgan mamlakat bo‘lib, ziyorat turizmi ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Davlat tashrifi O‘zbekistonning Yaqin Sharq davlatlari bilan faol va ko‘p qirrali tashqi siyosatining navbatdagi muhim qadami bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar va eksport imkoniyatlarini ochishga xizmat qiladi.
