Qozog‘iston bilan chegaradagi to‘liq qayta qurilgan “G‘ishtko‘prik” o‘tkazish punkti 25-noyabrdan ochiladi
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” (“Jibek Joli”) o‘tkazish punkti 25-noyabr soat 16:00 dan fuqarolar harakatlanishi uchun ochiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husen Tangriyev xabar berdi.
Ochilishdan avval ikki mamlakatning tegishli idoralari rahbarlari ishtirokida postning rasmiy ochilish marosimi, shuningdek, obyektni qabul qilish va foydalanishga topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Toshkentda “Chernyayevka” nomi bilan tanilgan bu punkt butunlay qayta qurildi. Uni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari 2022-yil noyabrida boshlangan, punkt esa keng ko‘lamli qurilish ishlari uchun 2025-yil fevralida yopilgan edi.
“G‘ishtko‘prik” O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi eng gavjum chegara punktlaridan biri hisoblanadi. U Toshkent shahrini Qozog‘istonning Turkiston viloyati va Shimkent shahri bilan bog‘laydi, har kuni bu yerdan minglab fuqarolar va sayyohlar o‘tadi.
Zamonaviylashtirilgan punktning ishga tushishi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi qatnovni yanada qulaylashtiradi, chegaradan o‘tish vaqtini qisqartiradi hamda savdo va turizm aloqalarining rivojlanishiga xizmat qiladi.
