Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida fuqarolarning bank kartalaridan qariyb 1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar Telegram orqali zararli APK fayllarni tarqatib, fuqarolarning bank kartalari boshqaruvini qo‘lga kiritgan va hisobdagi pullarni yechib olgan. Ushlanganlar orasida Telegram’dagi yopiq guruhlarda o‘zini “Sanjik” taxallusi bilan tanitgan shaxs ham bor.
Ular ayrim kartalardagi pullarga qimmatbaho mobil telefonlar xarid qilib, ularni qayta sotish orqali mablag‘larni naqdlashtirgan. Pulning bir qismi noma’lum shaxslarning onlayn mikroqarzlarini so‘ndirishga, qolgani esa onlayn bukmekerlik akkauntlariga o‘tkazilgan. Gumonlanuvchilar izni yo‘qotish uchun ijaraga olingan telefonlardan foydalanib, ularni muntazam almashtirib turgan.
Tezkor tekshiruv davomida Telegram yozishmalaridan 162 ta bank kartasiga oid ma’lumotlar topilgan. Tintuvda 3 ta mobil qurilma va 5 ta bank kartasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Sud qaroriga asosan D. ismli shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
APK — Android qurilmalari uchun ilova fayli. Firibgarlar ko‘pincha uni “rasm”, “hujjat” yoki “chegirma” niqobi ostida yuboradi. Notanish shaxslardan kelgan bunday fayllarni ochmaslik va ilovalarni faqat rasmiy do‘konlardan o‘rnatish tavsiya etiladi.
