O‘zbekiston BMT Elektron hukumat indeksida 31 pog‘onaga ko‘tarilib, 32-o‘rinni egalladi

22.11.2026, 16:00 · 18 marta o‘qilgan
Onlayn xizmatlar
Foto: NRCgov / Wikimedia Commons, Public domain

O‘zbekiston BMTning 2026-yilgi Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida (UN E-Government Survey 2026) 194 ta davlat orasida 32-o‘rinni egalladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Mamlakat ilk bor elektron hukumat rivojlanish darajasi juda yuqori bo‘lgan davlatlar guruhiga (Very High EGDI, V3 sinfi) kirdi. Har ikki yilda bir marta e’lon qilinadigan reytingning avvalgi, 2024-yilgi nashrida O‘zbekiston 63-o‘rinda bo‘lgan, ya’ni mamlakat 31 pog‘onaga ko‘tarildi. 2020-yilga (87-o‘rin) nisbatan esa 55 pog‘onaga yuqorilagan.

Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston 9-o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda Janubiy Koreya bo‘lib, u jahon reytingida ham yetakchilik qilmoqda. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston 16-o‘rindagi Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinni band etdi.

O‘zbekistonning elektron hukumatni rivojlantirish umumiy indeksi 0 dan 1 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 0,8930 ni tashkil etdi, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 0,7999 edi. Reyting bir necha mezonga asoslanadi: onlayn davlat xizmatlari bo‘yicha mamlakat 0,8885, telekommunikatsiya infratuzilmasi bo‘yicha 0,9213, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki bo‘yicha esa 0,8276 ball to‘pladi.

Hisobotda ijobiy misol sifatida O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasi, jumladan, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslari qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

So‘nggi yangiliklar

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling