Turkiyaning Anadolu Group holdingi Migros supermarketlar tarmog‘i ishtirokida O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu masala 19-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston–Turkiya Oliy darajadagi kengashining birinchi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgani haqida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Holding raisi Tunjay O‘zilhanning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya chakana savdo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va avtomobilsozlikdagi ishtirokini kengaytirish niyatida. U Migros’ning chakana savdo va agrar sektorda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish tajribasini O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan birlashtirish istagini bildirdi.
Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda Migros supermarketlarini ochishni taklif qilib, chakana savdoda raqobat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Biroq tarmoq O‘zbekistonda qachon ish boshlashi va qancha do‘kon ochilishi haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.
Migros Turkiyadagi eng yirik supermarketlar tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, u Turkiya va Qozog‘istonda keng do‘konlar tarmog‘iga ega.
Anadolu Group O‘zbekistonda allaqachon bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Holding mamlakatda ichimliklar ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yuritadi, shuningdek, mudofaa sanoati sohasida ham hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
