Uch yilda sertifikatlash sinovlarida qatnashgan pedagoglarning 62 foizi sinovdan o‘ta olmadi

22.11.2026, 20:00 · 19 marta o‘qilgan
Guliston shahridagi maktab
Foto: Zilolaa Bahromovna / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

O‘zbekistonda 2024–2026-yillarda o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida ishtirok etgan 47 936 nafar pedagogning 62,3 foizi, ya’ni 29 857 nafari sertifikat ololmagan. Ulardan 24 987 nafari ta’lim tashkilotlarida ishlashda davom etmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining axborot-tahliliy sharhida ma’lum qilindi.

Tahlilga ko‘ra, oltita nazorat sinoviga jalb etilgan pedagoglar respublikadagi jami 690 226 nafar pedagogning 6,9 foizini tashkil etadi. Ulardan atigi 18 079 nafari, ya’ni 37,7 foizi 56 va undan yuqori o‘tish balini to‘plab, kasbiy sertifikat olgan.

Yillar kesimida o‘tish ko‘rsatkichi 2024-yilda 44,3 foizni, 2025-yilda 29,7 foizni, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida esa 44,1 foizni tashkil etgan. Ya’ni uch yil ichida ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan.

Sertifikat olganlarning ham 70,2 foizi minimal talabga yaqin — 56–70 ball oralig‘ida natija ko‘rsatgan. 86 va undan yuqori ball to‘plaganlar esa jami qatnashchilarning atigi 1,3 foizini, ya’ni 608 nafarni tashkil etgan.

Agentlik ma’lumotlari 2026-yil 8-sentabr holatiga ko‘ra tayyorlangan. Kasbiy sertifikatlash pedagoglarning fan bo‘yicha bilimi va malakasini baholash hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling