Emirates aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslar ochishni ko‘rib chiqishi mumkin

22.11.2026, 19:30 · 19 marta o‘qilgan
Emirates samolyoti
Foto: Julian Herzog (Website) / Wikimedia Commons, CC BY 4.0

Uzbekistan Airports vakillari BAAning Emirates Group kompaniyasining xalqaro aviatsiya siyosati hamda davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda aviatashuvchi vakillariga mamlakat xalqaro aeroportlarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish dinamikasi hamda O‘zbekistonning ortib borayotgan sayyohlik va tranzit salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, Emirates yo‘lovchilar talabi, aeroportlarning infratuzilma imkoniyatlari va yo‘nalishlarning tijorat salohiyatini o‘rgangan holda O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Uzbekistan Airports zarur ma’lumotlarni taqdim etish va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Hozirda O‘zbekiston aviatsiya bozorida BAAning Flydubai, Air Arabia va Etihad Airways aviakompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Emirates’ning bozorga kirib kelishi yo‘lovchilarga Dubay orqali xalqaro parvozlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Emirates — bosh qarorgohi Dubayda joylashgan dunyodagi eng yirik xalqaro aviakompaniyalardan biri. U butun dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq shaharga parvozlarni amalga oshiradi va Dubay aeroporti orqali yirik tranzit tarmog‘ini boshqaradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling