Farg‘ona vodiysiga elektr uzatuvchi 500 kVli “L-503” tarmog‘idagi avariya bartaraf etildi

22.11.2026, 18:00 · 21 marta o‘qilgan
Elektr uzatish tarmog'i tayanchi
Foto: Novoklimov / Wikimedia Commons, CC0

Tojikiston hududidan o‘tuvchi, “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasi va “O‘zbekiston” podstansiyasini bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli “L-503” elektr uzatish tarmog‘idagi avariya oqibatlari to‘liq bartaraf etilib, 22-noyabr kuni soat 01:21 da tarmoq qayta ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Avariyaviy uzilish 19-noyabr kuni soat 06:19 da noqulay ob-havo ta’sirida murakkab relefli adirlik hududida joylashgan tarmoq tayanchlaridan birining qulashi oqibatida sodir bo‘lgan edi. Shundan so‘ng avtomatik himoya tizimi ishga tushib, tarmoq orqali energiya uzatilishi vaqtincha to‘xtagan va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida elektr ta’minotiga cheklovlar kiritilgan edi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassislar avariyaning ilk soatlaridan boshlab noqulay ob-havo va murakkab tog‘li relef sharoitida 24 soatlik uzluksiz rejimda ishladi. Natijada qulagan tayanch qayta tiklandi, ta’mirlash va sinov ishlari belgilangan muddatlardan avval yakunlandi.

Ta’mirlash ishlari davomida vodiy viloyatlariga elektr energiyasi boshqa tarmoqlar, xususan, Toshkent viloyatidagi “Yangi Angren” IESdan chiquvchi 500 kV kuchlanishli “L-524” tarmog‘i orqali yetkazib berilgan.

Farg‘ona vodiysi O‘zbekistonning eng zich joylashgan mintaqasi bo‘lib, uning energiya tizimi asosan yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar orqali mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘langan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

So‘nggi yangiliklar

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling