OTP Group Ipoteka bankning qolgan davlat aksiyalarini sotib olmoqda: ulush 90,4 foizga yetadi

22.11.2026, 16:30 · 24 marta o‘qilgan
OTP Bank
Foto: Elekes Andor / Wikimedia Commons, CC BY 4.0

Vengriyaning OTP Group kompaniyasi Ipoteka bankning taxminan 17,5 foiz miqdoridagi qolgan davlat aksiyalar paketini sotib olmoqda. Bu boradagi qo‘shimcha kelishuv 20-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda OTP Bank o‘rtasida imzolandi, deb xabar berdi bank matbuot xizmati.

Moliyaviy hisob-kitoblar amalga oshirilib, aksiyalarga bo‘lgan huquq o‘tkazilgach, OTP Group’ning Ipoteka bank kapitalidagi ulushi 90,4 foizga yetadi. Ipoteka bank 2023-yil iyun oyida OTP Group tarkibiga qo‘shilgan edi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan davrda keng ko‘lamli transformatsiya o‘tkazildi: bek-ofis markazlashtirilib, ma’muriy yuklama taxminan 20 foizga kamaytirildi, risklarni boshqarish yondashuvi qayta ko‘rib chiqildi. Bir yil ichida muammoli kreditlar ulushi 10,2 foizdan 2,6 foizgacha qisqardi, bu sektor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (3,2 foiz) past.

Shuningdek, filiallar va kontakt-markaz yangilandi, yangi raqamli yechimlar joriy etildi va Private Banking yo‘nalishi ishga tushirildi.

Ipoteka bankni xususiylashtirish O‘zbekistonda davlat banklarini isloh qilish dasturining muhim qismi hisoblanadi. OTP Group Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik bank guruhlaridan biri bo‘lib, bir qator mamlakatlarda faoliyat yuritadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

So‘nggi yangiliklar

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling