Foto: The Prague Reporter

“Zolushka uchun uch yong‘oq” filmi yulduzi Libushe Shafrankova vafot etdi

Onkologik kasallikdan aziyat chekib kelgan aktrisa Libushe Shafrankova 68 yoshida Chexiyada vafot etdi, deb xabar beradi Cosmopolitan.

1973-yilda efir yuzini ko‘rgan “Zolushka uchun uch yong‘oq” filmida bosh rolni ijro etgan aktrisaning vafotini uning o‘g‘li Yozef Abrgam CNN Prime News kanali bilan suhbatda tasdiqlagan.

Shafrankovaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari 2009-yilda boshlangan. Buning oqibatida aktrisa o‘zi ishtirok etayotgan bir nechta loyihani to‘xtatib qo‘ygan. Biroq kinoyulduz kasallikni yengib, ishga qaytishga kuch topgan. “Ishonch, oila, ish — hayotimning asosiy mazmuni”, — degan edi aktrisa.

2014-yilda shifokorlar Libushega o‘pka saratoni tashxisini qo‘ygan. U muvaffaqiyatli operatsiya qilingan, bir yildan so‘ng Chexiya prezidenti aktrisani san’at sohasidagi davlat mukofoti bilan taqdirlagan.

Libushe Chexoslovakiyaning Brno shahrida tug‘ilgan, bolaligidan teatrga qiziqqan. Birinchi bor mashhurlikni unga Bojena Nemsovaning “Buvijon” qissasi asosida ekranlashtirilgan filmdagi roli olib kelgan. Aktrisa ekranda yozuvchining yoshligini gavdalantirgan. Libushe Brnodagi teatr maktabini tamomlagach, “Dramatik klub” teatrida rol ijro eta boshlagan va u yerda Yozef Abrgam bilan tanishgan. Aktyor keyinchalik kinoyulduzning turmush o‘rtog‘iga aylangan.

Tomoshabinlar Shafrankovani asosan “Zolushga uchun uch yong‘oq” filmi orqali eslab qolgan. 19 yoshli qiz tezda xalqning sevimli aktrisasiga aylangan. Bundan tashqari, Libushe “Shahzoda va tungi yulduz”, “Uchinchi shahzoda”, “Qor parchalari bayrami”, “Kolya” kabi filmlarda, “Uch homilador”, “Vanya amaki”, “Baliqchi qush” nomli spektakllarda rol ijro etgan. Shafrankovaning filmografiyasida jami 50 dan ortiq kartina mavjud.

Latest from Blog