Foto: Xs.uz

Ziyorat turizmi targʻiboti kuchaytirilmoqda: turkiyalik inflyuyenserlar Oʻzbekistonga keldi

//

Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda qator taniqli inflyuyenserlari Oʻzbekiston boʻylab sayohatga kelishdi. Mehmonlar 5 kun davomida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyati bilan yaqindan tanishadi.

Mazkur turdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning imijini keng targʻib qilish hamda ziyorat turizmini yana-da rivojlantirishdan iborat. Turkiyalik inflyuyenserlar tashrifi “Asialuxe Travel” milliy turoperatori tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan.

Mehmonlar orasida Yilmaz Ali Abdusselam (7,21 million obunachi), Goʻk Kerem (528 ming obunachi), Bekar Halil Ibrohim (88,1 ming obunachi), Katana Yilmaz Huseyn (297 ming obunachi) va Gench Mehmet (492 ming obunachi), Yosir Yilmaz (853 ming obunachi) kabi faol You-Tube blogerlar bor. Media-guruh 12-fevraldan 17-fevralga qadar Oʻzbekistonda boʻlib, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari boʻylab sayohat qilishni rejalashtirilgan.

Sayohat davomida inflyuyenserlar guruhi yurtimizning muqaddas qadamjolarida ziyorat amallarini bajo etishadi. Shu bilan birga, mamlakatimiz madaniyati, qadriyatlari hamda turizm tarmoqlari xususiyatlari bilan yaqindan tanishtiriladi. Tashrif doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida media-guruh va masʼullar ishtirokida uchrashuv oʻtkaziladi.

Maʼlumot oʻrnida: “Asialuxe Travel” turoperatori 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, innovatsion yondashuv, barcha foydalanishi uchun maksimal va sodda qulay sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan. Oʻzbekiston va Turkiyada kompaniya vakolatxonasi mavjud.

Latest from Blog