YUNISEF O‘zbekistonda bolalar uchun odil sudlov ta’minlashga chorladi

BMT Bola huquqlari qo‘mitasi vitse-prezidenti, sudya Renate Vinter ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mutaxassislari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot-xizmati xabar berdi.

Davra suhbatida parlament a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va vazirliklarning vakillari, huquq-tartibot organlari, viloyat rahbarlari, shuningdek nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ma’ruza BMT Bola huquqlari qo‘mitasining O‘zbekistonda taqdim etgan tavsiyalari hamda ularni amalga oshirish strategiyasiga bag‘ishlandi. Xususan, sudya Renate Vinter qurolli nizolardagi bolalar hamda odam savdosi va bolalar pornografiyasidan jabr ko‘rgan bolalar huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, u bolalarni oliy manfaatlarini doimiy ravishda e’tiborga olinishini ta’minlaydigan yuvenel adliya tizimini rivojlantirish masalalari hususida so‘zladi.

Sudya Renate Vinter Bolalar Huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyaning asosiy tamoyillari, ya’ni “bolalarni oliy manfaatlari”, “diskriminatsiya qilmaslik”, “bolalarni o‘z fikri e’tiborga olinishi huquqi” hamda “yashash va rivojlantirish huquqi” kabilarni izohladi. “Adliya tizimida qonunlarni mazkur tamoyillar asosida talqin qilish, ayniqsa, bolaning oliy manfaatlarini aniqlashga harakat qiluvchi prokurorlar, advokatlar va sudyalar bo‘lishi lozim”, — deb ta’kidladi sudya Renate Vinter.

Sudya Renate Vinter mazkur tizimni kuchaytirish uchun prokurorlar, advokatlar va sudyalarni tayyorlash, ularning ixtisoslashuvini ta’minlash hamda ular o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. “Bu adliya tizimidan chiqarish choralari va ozodlikdan mahrum qilishning o‘rnini bosuvchi alternativ choralar, jumladan, jamoatchilik ishi, mediatsiya, probatsiya (sinov) va maslahat berish kabi choralarni tadbiq etishga e’tibor qaratuvchi yondoshuvga etaklashi lozim,” — dedi sudya Renate Vinter.

Davra suhbatining yakuniy bosqichida ishtirokchilar alohida e’tibor va puxta mushohadani talab etuvchi qator masalalar tilga olinganligini ta’kidladilar. Shuningdek, sudya Renate Vinter ham tinglovchilarni ushbu masalalarni hamkasblari bo‘lmish advokatlar, prokurorlar va sudyalarga etkazishga, Bolalar huquqlari to‘g‘risida konvertsiya tadbiq etilishini jadallashitirish uchun asosiy tamoyillar bo‘yicha yanada ko‘proq bilim egallashga chorladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog